Qon tomir dog‘lari — bu teri ostidagi kengaygan kapillyar tarmoq bo‘lib, teri orqali kichik qizil yoki binafsha dog‘lar, o‘rgimchak to‘riga o‘xshagan shaklda ko‘rinadi. Zamonaviy dermatologiya diagnostika va davolash uchun o‘nga yaqin turdagi qon tomir dog‘larini ajratadi. Ularga rozatsea, gemangioma, venoz kasalliklar, sharob dog‘lari, teleangioektaziya, poikilodermiya kiradi.

Teri ustida uchraydigan ba’zi qon tomir dog‘lari:

  • Kapillyar malformatsiya. Homilaning ilk rivojlanish bosqichlarida genetik mutatsiyalar natijasida yuzaga keladi. Ular och pushti, al qizil, to‘q bordo va binafsha rangdagi dog‘lar ko‘rinishida bo‘lib, teri bilan bir tekisda yoki undan biroz bo‘rtib turadi.

  • Venoz malformatsiya. Bu tomirlarning tug‘ma nuqsoni bo‘lib, vena devoridagi silliq mushak qatlamining noto‘g‘ri rivojlanishi bilan bog‘liq. Odatda, bu holat terida to‘q binafsha va ko‘k dog‘lar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi.

  • Unna nevusi. Bu qon tomir dog‘lari yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda bachadonda bo‘lgan uzoq muddatli bosim tufayli hosil bo‘ladi. Odatda peshona, ensa, qoshlari orasida, burun, qovoq, yuqori lab sohalarida bo‘ladi.

  • Gemangioma. Bu qon tomirlari va kapillyarlardan hosil bo‘lgan, teri ostida yoki ustida paydo bo‘ladigan xavfsiz (yaxshi sifatli) o‘smadir. U tug‘ma yoki orttirilgan bo‘lishi mumkin.

  • Olovli nevus (yoki “sharob dog‘i”). Bu qon tomir kasalligi bo‘lib, qon tomir tugunlari shaklida bo‘ladi va notekis, binafsha yoki qizg‘ish rangdagi dog‘ hosil qiladi. Odatda, yuzda tug‘ilishdan paydo bo‘ladi, ammo keyinroq ham boshqa tana qismlarida chiqishi mumkin.

Qon tomir dog‘larining paydo bo‘lish sabablari turlicha bo‘lishi mumkin: genetik mutatsiyalar, irsiyat, gormonal disbalans, homiladorlik, oshqozon-ichak tizimi, me’da osti bezi, jigar kasalliklari, ultrabinafsha nurlanish, immun tizim buzilishi, infeksiyalardan so‘ng.

Qon tomir dog‘larini lazer bilan davolash (koagulyatsiya) — bu faqat zararlangan joylarga issiqlik ta’siri orqali amalga oshiriladi, sog‘lom to‘qimalarga zarar yetmaydi. Usulning mohiyati shundan iboratki, lazer nuri patologik kengaygan tomirlardagi oksigemoglobinga tanlab ta’sir qiladi. Gemoglobin lazer energiyasini yutadi, oqsilning koagulyatsiyasi va tomir ichidagi harorat oshishiga olib keladi. Natijada, tomir “yopiladi” va teri sathida ko‘rinmay qoladi.

Ushbu protseduraning afzalliklari:

  • Xavfsizlik: Teriga zarar yetkazmaydi, lazer faqat gemoglobinga ta’sir qiladi, ya’ni kuyish va chandiqlar bo‘lmaydi;

  • Yuqori samaradorlik: Kichik tomirlar protseduradan keyin 1–3 kun ichida yo‘qoladi;

  • Mavsumga bog‘liq emas: Lazerli koagulyatsiya yilning istalgan vaqtida amalga oshirilishi mumkin;

  • Minimal tiklanish davri.

Seanslar soni va davomiyligi — bu teri zararlanish darajasiga bog‘liq. Kichik nuqsonlarni yo‘qotish uchun 1–2 seans yetarli bo‘lishi mumkin. Kuperoz, rozatsea, keng sharob dog‘lari kabi murakkab holatlar 3–6 seansni talab qiladi, ular 3–4 haftalik oraliq bilan o‘tkaziladi.

Lazer yordamida qon tomirlarni olib tashlash uchun qarshi ko‘rsatmalar:

  • O‘tkir bosqichdagi virusli yoki surunkali kasalliklar;

  • Qon ivishidagi muammolar;

  • Teri jarohatlari — ochiq yaralar, kuyishlar, yallig‘lanishlar;

  • Onkologik kasalliklar;

  • Gerpes;

  • Yurak-qon tomir kasalliklari;

  • Qandli diabet;

  • Homiladorlik va emizish davri;

  • Hayz ko‘rish davri;

  • Tromboflebit;

  • Epilepsiya va ruhiy kasalliklar;

  • Yangi quyoshda toblangan teri;

  • Keloid chandiqlarga moyillik.