Plazmaferez — bu qon olish, uni tozalash va butunlay yoki qisman yana qon aylanish tizimiga qaytarish jarayonidir.

Markazdan qochma plazmaferez — bu qonni ajratishning eng keng qo‘llaniladigan usullaridan biridir. Zamonaviy avtomatlashtirilgan markazdan qochma plazmaferez apparatlari qon hujayralariga zarar yetkazmaslik uchun aylanish va to‘xtash tezligini nazorat qiluvchi maxsus dasturlar bilan jihozlangan. Bunday “aqlli” qon fraksiyalarini ajratish jarayoni juda tez amalga oshadi. Bu esa nafaqat hujayra tuzilmasining yaxlitligini, balki plazmadagi oqsil, uglevod va boshqa komponentlarning xossalarini ham saqlab qoladi.

Markazdan qochma ajratishdan so‘ng qon hujayralari yana qon oqimiga qaytariladi, ajratilgan plazma esa:

  • donor qon quyish uchun ishlatiladi;

  • turli usullar bilan tozalanadi va bemorga qaytariladi;

  • saqlab qo‘yilib, keyinchalik dori vositalari tayyorlashda qo‘llaniladi.

Plazmaferezning mohiyati shundan iboratki, qon maxsus apparatga chiqariladi va u yerda tozalanadi. Jarayon davomida qonni suyuq qismi — plazma — maxsus membrana orqali filtrlanadi. Bu membrana yirik molekulalar va hujayralarni ushlab qolib, tozalangan qon organizmga qaytariladi.

Plazmaferez ikki turga bo‘linadi:

  1. Davolovchi plazmaferez — maqsadi ifloslangan plazma bilan birga turli toksik moddalarning organizmdan chiqarilishi.

  2. Donorlik plazmaferezi — bunda qon hujayralari qaytariladi, plazmaning bir qismi esa dori tayyorlash uchun saqlab qo‘yiladi.

Plazmaferez quyidagi kasalliklar va holatlarda tavsiya etiladi:

  • Allergik va autoimmun teri kasalliklarida;

  • Jigar kasalliklari: dekompensatsiyalangan sirroz, faol gepatit, jigar yetishmovchiligi alomatlari;

  • Intoksikatsiyalar: og‘ir metall tuzlari bilan zaharlanish, alkogolli va giyohvand modda intoksikatsiyasi, antibiotiklarni uzoq muddat qabul qilish;

  • Endokrin kasalliklar: qandli diabet asoratlari, qalqonsimon bez kasalliklari, buyrak usti bezlarining buzilishi;

  • Buyrak kasalliklari: buyrak yetishmovchiligi bilan kechuvchi kasalliklar, pielonefrit va nefrotik sindromda sepsis holatlari;

  • Nafas yo‘llari kasalliklari: gemosideroz, fibrozlovchi alveolit, ayrim bronxial astma turlari;

  • Yurak va qon tomir kasalliklari: virusli miokarditlar, gipertonik kasalliklar.

Homiladorlik davrida ham ba’zi holatlarda plazmaferez foydali bo‘lishi mumkin: fetoplasentar yetishmovchilik, rezus-konflikt, gestoz, kuchli toksikoz holatlarida.

Plazmaferez qanday amalga oshiriladi:

  1. Bemor maxsus kresloga yotqiziladi (yarim yotgan holatda).

  2. Periferik yoki markaziy venaga ikki yo‘llik kateter ulangan igna qo‘yiladi, bu kateter apparatga ulanadi.

  3. Shifokor bemorning bo‘yi va vaznini kiritadi, qurilma shu asosda umumiy tana hajmi va plazma hajmini hisoblab chiqadi.

  4. Zarur bo‘lgan o‘rnini bosuvchi eritma hajmi hisoblab chiqiladi va apparatga joylanadi.

  5. Jarayon boshlanadi: bemorning qoni markazdan qochma qurilmaga yoki filtr tizimiga o‘tkaziladi, plazma ajratiladi va donordan olingan eritma bilan almashtiriladi, shaklli elementlar bilan aralashtirilib yana qon aylanish tizimiga yuboriladi.

Plazmaferez faqat shifokor tomonidan belgilanishi kerak, chunki bu muolajaning o‘ziga xos ko‘rsatmalari va ko‘plab qarshi ko‘rsatmalari mavjud.