Teri kasalliklarini Vud chirog‘i ostida tekshirish — bu teri kasalliklarini maxsus uskuna yorug‘ligi ostida ko‘zdan kechirish orqali amalga oshiriladigan, bemorga teginilmaydigan diagnostika usuli.

Ishlash prinsipi — teriga ultrabinafsha diapazonidagi nurlar yo‘naltiriladi, buning natijasida teri holatiga va dermatologik kasalliklarning bor yoki yo‘qligiga qarab turli ranglarda “yaltiraydi”.

Diagnostika bosqichlari:

  1. Teri oldindan malham, krem va boshqa moddalar (shu jumladan kosmetik vositalar)dan tozalanadi.
  2. Bemorning ko‘zlari maxsus ko‘zoynak yoki matoli bog‘ich bilan nurlanishdan himoyalanadi.
  3. Xavfsizlikni oshirish uchun uskuna teri yuzasidan 20 sm masofada joylashtiriladi.
  4. Bevosita tekshiruv o‘tkaziladi, bu 1–2 daqiqadan ortiq vaqt olmaydi.
  5. Shifokor teri, tirnoqlar yoki shilliq qavatlar holatini tushuntiradi. Zarurat bo‘lsa, darhol davolashni boshlaydi.

Vud chirog‘i dermatologiyada teri kasalliklarini, shuningdek, ayrim soch va tirnoq kasalliklarini aniqlashda qo‘llanadi. Kasallik turiga qarab, ultrabinafsha nurlari ostida shikastlangan soha quyidagi ranglarda yaltiraydi:

  • och-ko‘k — sog‘lom teri;
  • yashil — qo‘ziqorin infektsiyasi;
  • xira sariq — rang-barang temiratki;
  • marjon-qizil — eritrazma;
  • oq (sut rang) — vitiligo;
  • jigarrang — pigmentatsiya buzilishi;
  • yorqin oq — tizimli qizil volchanka;
  • marvarid rang — bit (pedikulyoz) va boshqalar.

Vud lampasi ostida tekshiruv nafaqat tashxis qo‘yishda, balki davolash samaradorligini baholashda ham qo‘llanadi.